
- 0
- 18.04.2026 11:13:00
- 1 мин оқу
Prezident joriy yilning 17-aprel kuni ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy xizmatlar qamrovini kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Qayd etilishicha, 2026-yil 1-iyundan boshlab rivojlanishida nuqsoni aniqlangan 0–3 yoshli bolalar uchun ilk bor “Erta aralashuv” xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi. Xizmat doirasida maxsus pedagoglar hamda davolovchi jismoniy tarbiya mutaxassislari tomonidan korreksion-pedagogik, nutq va jismoniy rivojlantirish mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Shuningdek, anatomik nuqson bilan tug‘ilgan bolalarning qo‘shimcha tekshiruv va jarrohlik xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. 2026-yil davomida ruhiy holatida buzilishlari mavjud I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Yangi kun” kunduzgi qarov xizmati, uyda parvarish, “Madad” uylari hamda “Ijtimoiy ta’til” kabi yangi ijtimoiy xizmatlar ham yo‘lga qo‘yiladi.