Dars tayyorlash telefondan ham zararlimi?

Dars tayyorlash telefondan ham zararlimi?
  • 0
  • 22.10.2026 11:55:00
  • 1 мин оқу

Pekin pedagogika universiteti tadqiqotchilari o‘smirlarning kundalik mashg‘ulotlari va ruhiy salomatligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi. Scientific Reports jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, dars tayyorlash va kitob o‘qish kabi aqliy faoliyatning ruhiy muammolar bilan bog‘liqligi ekran qarshisida vaqt o‘tkazishga nisbatan 11 baravar kuchliroq bo‘lgan.
Tadqiqotchilar minglab britaniyalik o‘quvchilarning ma’lumotlarini tahlil qilgan. Ular 14 yoshli o‘smirlarning kundalik odatlarini o‘rganib, ruhiy holatini uch yil o‘tgach baholagan. Natijalarga ko‘ra, vazni me’yorida bo‘lgan o‘smirlar orasida jismoniy faollik yuqoriligi ruhiy muammolar xavfining pastligi bilan bog‘liq ekani aniqlangan.
Ortiqcha vaznli yoki semizlikka chalingan o‘smirlarda esa yengil jismoniy mashqlar stressni kamaytirishda sezilarli samara bermagan. Ularda ruhiy zo‘riqishning pasayishi asosan jadalroq mashqlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Olimlar buni ayrim o‘smirlarning sport bilan boshqalar oldida shug‘ullanishdan uyalishi, tashqi ko‘rinishidan norozi bo‘lishi va jamiyatdagi salbiy munosabatlardan xavotirlanishi bilan izohlagan.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, dars tayyorlash va kitob o‘qishning ruhiy muammolar bilan bog‘liqligi aqliy mehnatning o‘zidan emas, balki u bilan birga keladigan bosimdan kelib chiqishi mumkin. Imtihonlardan qo‘rqish, ota-onalarning yuqori talablari, sinfdoshlar bilan raqobat va dam olishga vaqt yetishmasligi o‘smirlarda stressni kuchaytirishi ehtimoli bor.
Shu sababli olimlar bolalarning ruhiy salomatligini baholashda nafaqat jismoniy faollik va ekran qarshisida o‘tkazilgan vaqtni, balki o‘qish bilan bog‘liq bosim va dam olish imkoniyatlarini ham hisobga olish muhimligini ta’kidlamoqda.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News