O‘zbekistonda 4-mis boyitish fabrikasining qurilishi jadallashtiriladi

O‘zbekistonda 4-mis boyitish fabrikasining qurilishi jadallashtiriladi
  • 0
  • 09.06.2026 12:44:00
  • 1 мин оқу

Shavkat Mirziyoyevga mis sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari va ularning bajarilish jarayoni bo‘yicha axborot berildi. Taqdimotda mis sanoatini rivojlantirish, mavjud konlarni samarali o‘zlashtirish hamda xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanishicha, joriy yil mart oyida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasining birinchi navbati ishga tushirilgan. “Yoshlik-1” koni doirasida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha qiymati 2,7 milliard dollarni tashkil etadi. Fabrika to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 60 million tonna ma’dan qayta ishlanib, qariyb 900 ming tonna mis konsentrati ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Natijada kombinatda mis konsentratining kunlik ishlab chiqarish hajmi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnagacha oshadi.

Shuningdek, 4-mis boyitish fabrikasi loyihasini jadallashtirish masalasi ham muhokama qilindi. Hozirda loyiha uchun bazaviy injiniring hujjatlari tayyorlanmoqda, qurilish maydonida yer ishlari va geologik burg‘ilash ishlari olib borilmoqda. Yangi loyihada energiya va suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro injiniring kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan. Prezident mutasaddilarga 4-mis boyitish fabrikasi uchun zarur yer maydonlarini ajratish, tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish va loyihani bosqichma-bosqich ishga tushirish rejasini aniqlashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News