Rossiyadagi vabo haqidagi xabarlar ortidan O‘zbekistonda tayyorgarlik kuchaytirildi

Rossiyadagi vabo haqidagi xabarlar ortidan O‘zbekistonda tayyorgarlik kuchaytirildi
  • 17
  • 03.10.2026 10:42:00
  • 1 мин оқу

Rossiyaning Irkutsk viloyatida 27 yoshli ayol vabodan vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Shelexov shahridagi shifoxona karantinga yopilib, marhuma bilan aloqada bo‘lgan 197 kishi tibbiy kuzatuvga olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayol 29-sentabr kuni shifoxonaga yotqizilgan. Dastlab unda COVID-19 ning og‘ir kechishi gumon qilingan, keyinchalik esa o‘ta xavfli infeksiya ehtimoli ko‘rib chiqilgan. Mutaxassislar marhuma bilan aloqada bo‘lgan 197 kishini aniqlagan, ulardan 189 nafari profilaktik kuzatuv uchun shifoxonaga yotqizilgan. Rasmiy ma’lumotlarda ularning hech birida kasallik belgilari aniqlanmagani va laboratoriya natijalari manfiy ekani aytilgan.
Hodisa ortidan ijtimoiy tarmoqlarda ayol vaboga qarshi institutda ishlagani va kasallikni laboratoriyada yuqtirgani haqidagi xabarlar ham tarqaldi. Biroq Irkutsk Epidemiologiya va mikrobiologiya instituti bu ma’lumotlarni rad etib, ayol u yerda hech qachon ishlamaganini bildirgan.
Mazkur xabarlar fonida O‘zbekistonda ham o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning mamlakatga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha tegishli xizmatlar tayyorgarligi kuchaytirildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Rossiyaning vakolatli idoralari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining rasmiy manbalari orqali vaziyatni muntazam kuzatib borayotganini ma’lum qildi. Xususan, kasallik tashxisining laboratoriyada tasdiqlangani yoki tasdiqlanmagani, ehtimoliy yuqish manbai va yo‘llari, marhumaning harakatlanish yo‘nalishi hamda u bilan aloqada bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar o‘rganilmoqda.
Qo‘mita epidemiologik vaziyatda o‘zgarish yuz bersa, jamoatchilikka belgilangan tartibda qo‘shimcha axborot berilishini bildirdi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News