
- 2
- 19.10.2026 11:28:00
- 1 мин оқу
O‘zbekistonning qadimiy Xiva shahri 2026-yil uchun “Turkiy dunyo yoshlar poytaxti” maqomini oldi. Loyihaning rasmiy ochilish marosimi 12-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. Ushbu maqom Xivaga Qozog‘istonning Olmaota shahridan topshirildi.
Marosimda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Nuru Guliyev hamda Xiva shahri hokimi T. Davletov ishtirok etdi. Shuningdek, turkiy davlatlarning davlat idoralari, jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar va yoshlar vakillari tadbirlarda qatnashdi.
Loyiha doirasida Xivada Yosh yetakchilar forumi va Yosh tadbirkorlar forumi tashkil etildi. Ikki kunlik dastur davomida yoshlar tadbirkorligi, yetakchilik salohiyatini rivojlantirish, ekologik ta’lim va zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar innovatsion tashabbuslar, startaplar va o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.
Forumlarda turkiy dunyo yoshlari o‘rtasida ekologik savodxonlikni oshirish bo‘yicha qo‘shma dastur hamda yoshlar orasida ekstremistik va radikal mafkuralar tarqalishining oldini olishga qaratilgan harakatlar rejasi loyihalari ham muhokama qilindi.
“Turkiy dunyo yoshlar poytaxti” tashabbusining asosiy maqsadi turkiy davlatlar yoshlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashishni kengaytirish hamda yoshlarning tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsion salohiyatini rivojlantirishdan iborat.
Yil davomida Xivada xalqaro tadbirlar, forumlar va konferensiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ular yoshlar o‘rtasida yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.