
- 3
- 17.06.2026 11:56:00
- 1 мин оқу
O‘zbekiston transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish va hududlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu haqda Toshkent xalqaro investitsiya forumida ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, Transport-logistika sohasida yirik investitsiya loyihalari boshlangan. Jumladan, saudiyalik investorlar ishtirokida yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilmoqda. Investorlar tezyurar avtomobil yo‘llari, ko‘p funksiyali logistika markazlari va “quruq portlar” barpo etish loyihalarida faol qatnashishga taklif etildi.
Forumda hududlarni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston aholisi soni 40 millionga yaqinlashayotgani sababli urbanizatsiya va shaharsozlik bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda. Rejalarga ko‘ra, 2040-yilgacha uy-joy qurilishi hajmi ikki baravar oshiriladi, urbanizatsiya darajasi esa 51 foizdan 65 foizga yetkaziladi.
Shuningdek, poytaxt yaqinida 2 million aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent megapolisi barpo etilmoqda. Andijon, Namangan va Samarqandni millionli shaharlarga aylantirish bo‘yicha loyihalar ham boshlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda uy-joy qurilishi bozori yiliga kamida 10 milliard dollarlik talabni shakllantiradi. Bundan tashqari, infratuzilma sohasida umumiy qiymati 27 milliard dollarga teng davlat-xususiy sheriklik loyihalarini investorlar bilan birgalikda amalga oshirish rejalashtirilgan.