Epshteynning o‘zbekistonlik qurboni

Epshteynning o‘zbekistonlik qurboni
  • 101
  • 15.05.2026 14:26:00
  • 1 мин оқу

Jeffri Epshteynning jinsiy zo‘ravonligiga uchragan o‘zbekistonlik Roza boshidan kechirgan voqealarni oshkor qildi. Bu haqda The Telegraph, BBC va The Independent xabar berdi.

Yillar davomida “Jeyn Dou” ismi bilan yashab kelgan Roza AQSH Vakillar palatasidagi yig‘ilishda ko‘rsatma berib, O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilada ulg‘aygani va 18 yoshida modellik va’dalari bilan AQSHga olib ketilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Epshteynning hamkori, model agenti Jan-Lyuk Brunel orqali Nyu Yorkka “iste’dod vizasi” bilan olib borilgan. Jabrlanuvchi Epshteyn bilan Florida shtatida tanishganini va o‘sha paytda u uy qamog‘ida bo‘lishiga qaramay, unga nisbatan zo‘ravonlik qilganini ma’lum qildi. “Keyingi uch yil davomida men muntazam zo‘ravonlik qurboni bo‘ldim”, — dedi Roza.

Uning aytishicha, Epshteyn uni viza maqomi va moliyaviy ahvoli bilan qo‘rqitib, ketishiga yo‘l qo‘ymagan. Roza, shuningdek, AQSH Adliya vazirligini Epshteyn ishiga oid hujjatlarda qurbonlar ismlarini yashirmagani uchun tanqid qilgan.

Jeffri Epshteyn 2005-yildan boshlab voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar bo‘yicha tergov qilingan. U 2019-yilda jinsiy savdo bo‘yicha sud jarayonini kutayotgan paytda qamoqda o‘z joniga qasd qilib, vafot etgan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News