
- 26
- 23.05.2026 10:45:00
- 2 мин оқу
Har yili 21–27-may kunlari nishonlanadigan Turk oshxonasi haftaligi Turkiyaning madaniy merosi va gastronomik boyligini xalqaro jamoatchilikka tanitishda davom etmoqda. Turkiya Respublikasining Toshkentdagi Elchixonasi Kommunikatsiya maslahatchisi Prof. Dr. Mehmet Yuje, Turk oshxonasi haftaligi nafaqat gastronomik tadbir, balki ayni paytda Turkiyaning jamoat diplomatiyasi qarashlarining muhim tarkibiy qismi ekanini ta’kidladi. Janob Yuje Turkiya Birinchi xonimi – Emine Erdo‘g‘an homiyligida tashkil etilayotgan bu tadbir Turkiyaning madaniy xotirasi, ijtimoiy qadriyatlari va sivilizatsion merosini dunyoga yetkazuvchi strategik platforma xususiyatiga ega ekanini bildirdi.
Janob Yuje 2026-yil mavzusining “Bir dasturxon atrofida meros” deb belgilanishini nihoyatda mazmunli deb baholab, “Dasturxon insonlar o‘rtasida madaniy aloqa o‘rnatuvchi eng qadimiy muloqot maydonlaridan biridir. Turk oshxonasi faqat taomlardan iborat emas; u tarix, o‘zlik, an’ana, oila tuzilmasi va umumiy yashash madaniyatini ham o‘zida mujassam etadi. Shu sababli Turk oshxonasi haftaligi Turkiyaning yumshoq kuch salohiyatini mustahkamlovchi muhim madaniy diplomatiya vositasidir”, degan fikrlarni bildirdi. Janob Yujega ko‘ra, turk oshxonasi migratsiya, geografik xilma-xillik, hashar madaniyati va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’analar bilan shakllangan ko‘p qatlamli sivilizatsion xotirani ifoda etadi.
Tadbirlar doirasida turk va xalqaro oshpazlar qo‘shma gastronomik dasturlarda jam bo‘lganini ta’kidlagan janob Yuje an’anaviy taom tayyorlash usullarini namoyish etuvchi mahorat darslari, tarixiy retseptlar taqdim etiladigan “Lazzat arxivi” ishlari hamda umumiy dasturxon atrofida tashkil etilayotgan uchrashuvlar madaniyatlararo muloqotni mustahkamlayotganini qayd etdi. Dunyoning turli mamlakatlaridagi Turkiya elchixonalari, bosh konsulxonalari va madaniyat markazlarida o‘tkazilayotgan dasturlar Turkiyaning madaniy diplomatiyasini global miqyosda yanada ko‘rinadigan holga keltirayotganini ta’kidlagan janob Yuje, “Turk oshxonasi haftaligi endilikda faqat taomlar tanitiladigan tadbir emas; u Onado‘lining tarixiy xotirasi, mehmondo‘stlik tushunchasi va birgalikda yashash madaniyatini dunyoga tanitayotgan kuchli jamoat diplomatiyasi amaliyotidir”, dedi.