
- 1
- 20.04.2026 14:03:00
- 1 мин оқу
Samarqandda narkotahdidlarga qarshi global forum boshlandi. Unda 50 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. “Sog‘liq va xavfsizlikni ta’minlashda transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi ushbu forumda Shavkat Mirziyoyev murojaat yo‘lladi. Murojaatni Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.
Unda narkojinoyatlarga qarshi kurashish, giyohvandlikning oldini olish va davolash bo‘yicha xalqaro hamkorlik olib borilayotgani qayd etildi. Prezident narkobiznesga qarshi kurashda asosiy yo‘l sifatida uning moliyaviy manbalarini yo‘q qilish muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoiy mablag‘ oqimini to‘xtatish orqali narkobiznesni zaiflashtirish mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 300 milliondan ortiq odam giyohvand moddalar ta’siriga tushib qolgan. Jumladan, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha keng ko‘lamli choralar amalga oshirilib, o‘tgan yilning o‘zida 15 mingdan ziyod narkojinoyat fosh etilgani, qariyb 3,5 tonna giyohvandlik vositalari, jumladan, 120 kg sintetik narkotiklar yo‘q qilingani, 14 ta yashirin narkolaboratoriya va 72 ta yirik internet do‘koni faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida maʻlumot berildi.
Forumda transmilliy narkojinoyatlarga qarshi kurashish uchun sun’iy intellekt asosidagi yagona raqamli platforma yaratish, noqonuniy moliyaviy oqimlarni bloklash, sintetik narkotiklar bo‘yicha davolash metodikalarini ishlab chiqish kabi muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo narkologlar assotsiatsiyasini tashkil etishni hamda ushbu tashkilotning Bosh ofisini Samarqand shahrida joylashtirishga tayyorligini bildirdi.