Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi prezidenti etib saylandi

Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi prezidenti etib saylandi
  • 0
  • 23.04.2026 11:22:00
  • 1 мин оқу

Joriy yilning 22-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi. Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan uchrashuvda Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston prezidentlari hamda jamg‘arma Ijroiya qo‘mitasi raisi Asxat Orazbay ham qatnashdi. Yig‘ilishda Qozog‘istonning 2023–2026-yillardagi raisligi yakunlari sarhisob qilinib, Orol dengizi havzasida ekologik vaziyatni yaxshilash, suv resurslarini boshqarish va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishi sharoitida suv taqchilligi tobora kuchayib borayotganini ta’kidlab, 2040-yilga borib mintaqada suv yetishmovchiligi yiliga 20 milliard kub metrga yetishi mumkinligini ta’kidladi. Tadbir yakunida yetakchilar Ostona bayonotini, Qozogʻiston raisligining borishi toʻgʻrisida, 26-martni Xalqaro Orol dengizi, Amudaryo hamda Sirdaryo kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida hamda Shavkat Mirziyoyevni 2027-2029-yillarda jamgʻarma prezidenti etib saylash toʻgʻrisidagi qarorlarni imzoladilar. Prezident O‘zbekistonning kelgusi yildan boshlanadigan jamg‘armaga raisligi doirasida mintaqaviy integratsiya va hamkorlikni kuchaytirish, Orol havzasi bo‘yicha dasturlar samaradorligini oshirish, xalqaro moliyaviy resurslarni keng jalb etish va suv-energetika, iqlim o‘zgarishi va cho‘llanishga qarshi kurash yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratishini bildirdi. Shuningdek, fermerlar va sanoat vakillarini suvni tejovchi texnologiyalarga o‘rgatishga qaratilgan “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirish taklif qilindi. Afg‘onistonni ham mintaqaviy ekologik va suv xo‘jaligi hamkorligiga jalb etish zarurligi qayd etildi.

 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News