
- 6
- 15.10.2026 11:31:00
- 1 мин оқу
Buyuk Britaniyaning Uayt orolida bir asrdan ko‘proq vaqt oldin topilgan qazilma qoldiqlar dinozavrning ilgari noma’lum bo‘lgan turiga tegishli ekani aniqlandi. Bu haqda BBC tadqiqot natijalariga tayanib xabar berdi.

Invictibellatrix amberina deb nomlangan yirtqich dinozavr taxminan 120 million yil avval yashagan. Uning uzunligi 3–4 metr, bo‘yi esa 1,5 metrdan sal balandroq bo‘lgan. Olimlar uning uzun qo‘llari va 10–20 santimetrli qayrilgan tirnoqlari bo‘lganini taxmin qilmoqda. Qazilma 1924-yilda Londonning Tabiiy tarix muzeyiga topshirilgan, biroq uzoq vaqt davomida batafsil o‘rganilmagan.
Tadqiqotchilar kompyuter tomografiyasi va uch o‘lchamli modellashtirish yordamida qoldiqlarni tahlil qilib, uning megaraptorlar guruhiga mansub yangi tur ekanini aniqlagan. Olimlarning ta’kidlashicha, bu kashfiyot Yevropada megaraptorlar yashaganiga oid muhim dalil hisoblanadi. Ushbu guruhga mansub dinozavrlar go‘sht bilan oziqlangan va o‘ljasiga uzun qo‘llari hamda yirik tirnoqlari bilan hujum qilgan.
Tadqiqotchilar muzeylarda uzoq yillardan beri saqlanayotgan qazilmalarni qayta o‘rganish orqali hali ko‘plab yangi turlarni aniqlash mumkinligini qayd etmoqda.