
- 1
- 25.04.2026 11:00:00
- 1 мин оқу
Joriy yilning 24-aprel kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Samarqand viloyatida bo‘lib, Toyloq tumanidagi ichimlik suvi ta’minoti holati bilan tanishdi. Hududda suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va yangilash ishlari ko‘zdan kechirildi. Qayd etilishicha, tumanda 231,1 ming aholi yashaydi, shundan 85,5 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qolgan hududlarda esa aholi hali ham quduq va qo‘lbola nasoslardan foydalanmoqda.
Xususan, “Bog‘ichinor” mahallasida eski suv inshooti (2002-yilda qurilgan) texnik jihatdan yaroqsiz holga kelgani sababli suv kuniga atigi 4 soat yetkazib berilayotgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur muammoni hal etish uchun yangi loyiha asosida inshoot rekonstruksiya qilinib, 8,5 km suv tarmog‘i tortilishi rejalashtirilgan. Natijada 3,3 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Tashrif doirasida Urgut tumanidagi qurilish va rekonstruksiya ishlari bilan ham tanishildi. “Baxrin” mahallasidagi 13 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatuvchi 21-sonli oilaviy poliklinika faoliyati ko‘zdan kechirildi. Bundan tashqari, yangidan rekonstruksiya qilingan “Navoiy” oilaviy poliklinikasi ham borib ko‘rildi. Ushbu muassasada 16 ta qishloq ayollariga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy tug‘ruq bo‘limi tashkil etilgan. Bu yerda yaqinda birinchi chaqaloq dunyoga kelgani qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur tibbiyot muassasasi 1972-yilda qurilgan bo‘lib, avval kapital ta’mir va yangilanishga muhtoj edi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida hududda tibbiy xizmat sifati sezilarli darajada yaxshilanmoqda.