Prezidentning Turkiston shahridagi uchrashuvlari boshlandi

Prezidentning Turkiston shahridagi uchrashuvlari boshlandi
  • 0
  • 15.05.2026 15:24:00
  • 2 мин оқу

Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkiston shahriga keldi. Bugun davlat rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etadi. Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev Turkiston shahrida Oʻzbekiston tomonidan bunyod etilgan yangi masjid bilan tanishdilar. Majmua 7 gektardan ortiq hududni egallagan bo‘lib, unda 5 mingdan ziyod kishi namoz o‘qishi mumkin. Muhtasham ansambl to‘rtta 70 metrlik minora, uch qavatli bosh bino, asosiy zal va an’anaviy ayvonlardan iborat. Islom va Sharq me’morchiligi an’analari asosida barpo etilgan maskanda milliy naqshlar, gumbazlar va zamonaviy qurilish texnologiyalari uyg‘unlashgan. Ichki bezaklarda islom xattotligi va naqqoshlik san’ati namunalari keng qo‘llangan. Atrof hududni obodonlashtirish, yashil maydonlar, yo‘laklar, dam olish joylari va favvoralar barpo etish ishlari davom etmoqda. Ushbu majmua ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik hamkorlikning ramzi sifatida qayd etildi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, tinchlik va farovonlik uchun duo qilindi.


Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqotda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayib borayotgani, sanoat, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalar rivojlanayotgani qayd etildi. Energetika va transport yo‘nalishidagi yirik mintaqaviy loyihalar, jumladan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasini jadallashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.


Keyingi uchrashuv Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan o‘tkazilib, unda o‘zaro strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qildindi. Tomonlar avvalgi oliy darajadagi tashriflar natijasida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani, savdo aylanmasi va qo‘shma loyihalar hajmi ortib borayotganini ta’kidladilar. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

 

 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News