Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushida o‘zbekistonlik askarni qutqargan britaniyalik er-xotinni mukofotladi

Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushida o‘zbekistonlik askarni qutqargan britaniyalik er-xotinni mukofotladi
  • 2
  • 02.05.2026 11:39:00
  • 2 мин оқу

Buyuk Britaniya fuqarolari — marhum Jon va Fillis Emili Le Bretonlar “Do‘stlik” ordeni mukofoti bilan taqdirlandi. Prezident bu bo‘yicha tegishli farmonni imzoladi.

Britaniyalik er-xotin ikkinchi jahon urushi yillarida Jersi orolidagi fashistlar konslageridan qochib chiqqan o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramovga o‘z uylaridan joy berib, uning hayotini saqlab qolishgan.

Ularning bu harakati insonparvarlik, jasorat va ezgulikning yuksak namunasi sifatida baholanib, qolaversa, ular dunyo xalqlari o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va birodarlik g‘oyalarini targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shgani e’tirof etildi.

Shu tufayli Jon va Fillis Emili Le Bretonlar O‘zbekistonning “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

BBC 2022-yilda  yozgan maqolada aytilishicha,er-xotin askarni Tom deb atashgan. Jon va Fillisning nabirasi Kerolin Xornning aytishicha, u ular uchun oila a’zosidek bo‘lgan, ba’zi qarindoshlari esa hatto uni “sevimli amaki” deb atashgan.

Jon va Fillis Akramov haqida shunday degan edi: “Biz bu odamga ishonardik, u biz ishonishimiz mumkin bo‘lgan inson edi.”

“Bolalar uni juda yaxshi ko‘rishardi. U ingliz tilini oz-moz tushuna boshlagach, ularga ertaklar o‘qib beradigan bo‘ldi”, — deydi Kerolin Xorn.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agar uyga fashistlar bostirib kelsa, Akramov qochib ketishi uchun bir nechta yo‘lak va yashirin eshiklar oldindan kelishib qo‘yilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, urushdan so‘ng u boshqa orol — Gernsiga ko‘chib o‘tgan va shundan keyin u bilan aloqa uzilib qolgan.

Akramov kundalik yuritgan bo‘lib, uning sahifalari nusxalari La-Mansh bo‘g‘ozidagi Normandiya orollari ichida eng yirigi bo‘lgan Jersi oroli merosini saqlash bilan shug‘ullanuvchi “Jersey Heritage” tashkilotiga topshirilgan. Jersi — Britaniya toji mulki hisoblanadi, biroq Buyuk Britaniya tarkibiga kirmaydi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News