
- 3
- 15.05.2026 11:06:00
- 1 мин оқу
Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 15-may kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga joʻnab ketdi. Davlat rahbari Turkiston shahrida boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkilotining “Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etadi.
Sammit kun tartibidan savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya va ekologiya sohalarida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin olgan. Shuningdek, yetakchilar raqamli infratuzilmani rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sunʼiy intellektni amalda qoʻllash istiqbollarini muhokama qiladilar. Delegatsiya rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadi. Sammit yakunida Turkiston deklaratsiyasini qabul qilish koʻzda tutilgan.