
- 3
- 17.06.2026 11:24:00
- 1 мин оқу
Toshkent xalqaro investitsiya forumida Shavkat Mirziyoyev investitsiyalarni jalb etishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritib, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga qaratilgan yirik loyihalarni taqdim etdi. Prezidentning qayd etishicha, O‘zbekiston oltin, mis, uran, volfram, gaz va boshqa strategik xomashyo zaxiralariga boy bo‘lib, yer osti boyliklarining umumiy qiymati qariyb 3 trillion dollarga baholanadi.
Ushbu salohiyatdan samarali foydalanish maqsadida ochiq raqamli geologiya ma’lumotlar bazasi yaratiladi, auksionga chiqariladigan konlar soni to‘rt barobarga oshiriladi. Shuningdek, Toshkent va Samarqandda tashkil etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklarida “qazib olishdan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlar faol jalb etiladi. Mashinasozlik, robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari, elektrotexnika va farmatsevtika kabi drayver tarmoqlarda ham umumiy qiymati 20 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish taklif etildi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish orqali kelgusi besh yil ichida O‘zbekistonda kamida 10 milliard dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratilishi kutilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun maxsus zona tashkil etilgani ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, bu hudduda investorlar 2040-yilgacha barcha turdagi soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi, zarur infratuzilma davlat hisobidan barpo etiladi hamda elektr energiyasi uchun imtiyozli tariflar joriy qilinadi.