
- 1
- 13.07.2026 17:37:00
- 1 мин оқу
Xalqaro astronomiya jamiyatining Kichik jismlar bo‘yicha qo‘mitasi (WGSBN) ikki kichik sayyora asteroidga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ikki nafar olimi – Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov nomlarini berganini ma’lum qildi. Mazkur qaror 2026-yil 9-iyul kuni WGSBN bulletenining 6-jild, 11-sonida rasman e’lon qilingan.
Ma’lum qilinishicha, 2001-yil 19-may kuni Chexiyadagi Ondrejov observatoriyasida kashf etilgan asteroid Kamoliddin Ergashev sharafiga nomlangan. Rasmiy izohda olimning asteroidlar fotometriyasi, ularning fizik xususiyatlarini o‘rganish hamda asteroid juftliklari va qo‘shaloq tizimlari bo‘yicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari e’tirof etilgan. Otabek Burxonov nomi esa 1999-yil 13-oktabrda chexiyalik astronomlar tomonidan kashf etilgan asteroidga berilgan. Olimning optik fotometriya, o‘zgaruvchan yulduzlar, gravitatsion linzalangan kvazarlar va gamma-chaqnashlarning optik kuzatuvlari yo‘nalishidagi ilmiy ishlari xalqaro miqyosda yuqori baholangan.
Endilikda xalqaro astronomik kataloglarda ushbu osmon jismlari (131358) Kamolergashev va (121339) Otabekburkhonov nomlari bilan qayd etiladi.
Asteroidlarga olimlar nomini berish ularning fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini e’tirof etishning nufuzli shakllaridan biri hisoblanadi.