
- 0
- 21.04.2026 11:26:00
- 1 мин оқу
O‘zbekistonda xorijda ishlash istagidagi fuqarolarning chet tillarini o‘rganish xarajatlarining 50 foizini qoplab berish hamda kasbiy malaka imtihonlari xarajatlarini to‘liq moliyalashtirish rejalshtirilashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Shavkat Mirziyoyev tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish hamda fuqarolarni yuqori daromadli ish o‘rinlariga tayyorlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgan. Hozirda qariyb 1,2 million nafar o‘zbekistonlik 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda. Xususan, rivojlangan davlatlarda malakali ishchi kuchiga ehtiyoj ortib borayotgani qayd etildi. Jumladan, Germaniyada 40 ming hamshiraga, Yaponiyada esa 15 ming nafar qurilish, logistika va servis sohasi mutaxassislariga talab mavjud. Shu maqsadda Germaniya, Janubiy Koreya va Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlikda “kasb + til” tamoyili asosida qo‘shma ta’lim loyihalari yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda 12 ta loyihada 8,5 ming fuqaro tahsil olayotgan bo‘lsa, ularning 3 ming nafari ishga joylashgan. Kelgusida loyihalar sonini 20 taga yetkazish, qamrovni 10 ming nafardan oshirish hamda Toshkent shahrida talab yuqori kasblar va xorijiy tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan maxsus markaz tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, hududlarda migratsiya markazlari faoliyatini kengaytirish va yangi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.