
- 7
- 15.10.2026 11:15:00
- 1 мин оқу
Afg‘onistonda 20–24 yoshli ayollarning 28,7 foizi 18 yoshga to‘lmasdan turmushga chiqqan. Ayrim hududlarda esa har ikki qizdan biri voyaga yetmasdan oila quradi. Bu haqda UNICEF ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, erta nikoh qizlarning ta’lim olishi va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatib, zo‘ravonlik hamda erta homiladorlik xavfini oshiradi. Jamg‘arma joriy yilning avgust oyida Afg‘onistonda 2,6 milliondan ortiq qiz o‘rta ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lganini bildirgan. “Tolibon” ma’muriyati 2021-yilda hokimiyatga qaytganidan keyin qizlarning oltinchi sinfdan yuqori bosqichlarda o‘qishi, 2022-yil dekabridan esa ayollarning universitetlarda ta’lim olishi cheklangan.
UNICEF ayollar ta’limi va mehnat faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar mamlakat iqtisodiyotiga ham zarar yetkazayotganini ta’kidlagan. Tashkilot prognoziga ko‘ra, amaldagi cheklovlar 2030-yilga borib 20 ming nafargacha ayol o‘qituvchi va 5 400 nafar ayol tibbiyot xodimi yetishmasligiga olib kelishi mumkin. Iqtisodiy yo‘qotishlar esa yiliga qariyb 84 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
UNICEF “Tolibon” ma’muriyatidan qizlarning oltinchi sinfdan yuqori bosqichlarda o‘qishini tiklashni hamda erta nikohning oldini olish choralarini kuchaytirishni so‘ragan.