
- 10
- 16.10.2026 17:52:00
- 1 мин оқу
Kanadalik olimlar COVID-19 dan keyin uzoq vaqt davom etadigan charchoq, xotira susayishi va motivatsiya pasayishi miyada dofamin bilan bog‘liq o‘zgarishlar bilan aloqador bo‘lishi mumkinligini aniqladi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, postkovid sindromi kuzatilgan bemorlarda dofamin bilan bog‘liq nerv uchlari markeri sog‘lom odamlarga qaraganda 16–20 foizga kamaygan.
Toronto shahridagi Tobelik va ruhiy salomatlik markazi olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalari eBioMedicine jurnalida e’lon qilindi. Unda postkovid sindromi va sezilarli neyropsixiatrik alomatlari bo‘lgan 24 nafar bemor hamda 24 nafar sog‘lom ko‘ngilli ishtirok etgan.
Olimlar ishtirokchilarning miyasini pozitron-emission tomografiya (PET) yordamida tekshirib, dofaminni nerv hujayralarida saqlashda ishtirok etadigan VMAT2 oqsili miqdorini o‘lchagan. Natijada, postkovid kuzatilgan bemorlarda ushbu marker miqdori miyaning harakat, xotira va motivatsiya bilan bog‘liq qismlarida 16–20 foizga kam ekani aniqlangan.
Tadqiqotchilarning fikricha, bu o‘zgarishlar postkovid sindromida kuzatiladigan harakatlarning sekinlashishi, xotira bilan bog‘liq muammolar va motivatsiya pasayishini tushuntirishga yordam berishi mumkin.
Shu bilan birga, olimlar tadqiqotda ishtirokchilar soni kam bo‘lganini ta’kidlab, natijalarni barcha postkovid bemorlariga tatbiq etish mumkin emasligini bildirgan. Shuningdek, aniqlangan o‘zgarishlar bevosita koronavirus sababli yuzaga kelgani hozircha uzil-kesil isbotlanmagan.
Mutaxassislar kelgusida dofamin tizimiga ta’sir qiluvchi dorilarning postkovid alomatlarini yengillashtirishdagi samaradorligini o‘rganishni rejalashtirmoqda. Biroq, bunday davolash usullarining foydasi hali qo‘shimcha tadqiqotlarda tasdiqlanishi kerak.