Hakerlar Apple'ning yangi iPhone 18 Pro smartfoniga oid ma’lumotlarni tarqatib yubordi

Hakerlar Apple'ning yangi iPhone 18 Pro smartfoniga oid ma’lumotlarni tarqatib yubordi
  • 4
  • 03.07.2026 16:55:00
  • 1 мин оқу

Apple kompaniyasining Hindistondagi eng yirik ishlab chiqarish hamkorlaridan biri — “Tata Electronics” yirik kiberhujumga uchradi. “World Leaks” hakerlar guruhi korxona tizimidan 630 gigabaytdan ortiq maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlab, internetga joylashtirganini ma’lum qildi. Tarqalgan hujjatlar orasida 2026-yil sentabrida taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 18 Pro smartfoniga oid texnik ma’lumotlar, butlovchi qismlar, ta’minotchilar ro‘yxati hamda qurilmaning ilk tasvirlari borligi aytilmoqda. Shuningdek, hakerlar 200 mingdan ortiq faylni darknet orqali e’lon qilgan.

“Tata Electronics” kiberhujumni tasdiqlab, ichki tizimlarga kirish vaqtincha cheklangani va hodisa yuzasidan tergov boshlangani haqida xabar berdi. Apple ham mazkur voqea bo‘yicha surishtiruv olib borayotganini bildirgan. Mutaxassislarning fikricha, bu safar faqat yangi qurilma tafsilotlari emas, balki Applening global ta’minot zanjiri, hamkorlari va ishlab chiqarish tizimiga oid eng muhim maxfiy ma’lumotlar oshkor bo‘lgan. Bu esa, raqobatchilar va kiberjinoyatchilar uchun kompaniyaning zaif nuqtalarini aniqlash imkonini berishi mumkin.

Hozircha foydalanuvchilarning shaxsiy yoki to‘lov ma’lumotlari sizdirilgani haqida hech qanday dalil yo‘q. O‘g‘irlangan fayllar asosan korporativ hujjatlardan iborat ekani qayd etilgan. Tahlilchilar ushbu kiberhujum ayni vaqtda Apple uchun nozik davrga to‘g‘ri kelganini ta’kidlagan. Chunki, kompaniya so‘nggi yillarda ishlab chiqarishni Xitoydan Hindistonga ko‘chirishni jadallashtirayotgan edi. Ma’lumot uchun, bugungi kunda dunyoda ishlab chiqarilayotgan har to‘rtta iPhonedan bittasi aynan Hindistonga to‘g‘ri keladi.

 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News