
- 2
- 29.09.2026 13:15:00
- 2 мин оқу
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirovning fikricha, qasddan odam o‘ldirganlar, ayniqsa, bolalar qotillari va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan eng og‘ir jazo qo‘llanishi kerak. Deputat xalqaro huquq tizimida og‘ir jinoyat sodir etgan mahkumlarning ham huquqlari himoya qilinishini tanqid qildi.
Qodirovning ta’kidlashicha, bunday toifadagi jinoyatchilar jamiyat uchun doimiy xavf tug‘diradi va ularni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish tarbiyalamaydi, aksincha, kelgusida yangi og‘ir jinoyatlar sodir etilishi xavfini oshiradi.
“Bizning pedofil ham sharoit so‘rasa, yaratib berishga majbur bo‘lamiz, chunki biz ergashayotgan xalqaro huquq uni inson sifatida ko‘radi, o‘lik sifatida emas!” — deb yozgan Qodirov.
Avvalroq Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bu jirkanch qilmishni sodir etgan erkak qo‘lga olingan.
Mazkur voqeadan so‘ng O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan holatni atroflicha o‘rganish hamda mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish uchun ishchi guruh tuzildi.
Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritdi. Mazkur ish bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga oldi.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 5 yashar qizni zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva qizaloqning oilasi boshqa shaharga ko‘chib o‘tishini ma’lum qilgan.
O‘zbekistonda o‘lim jazosi 2008-yilning 1-yanvaridan rasman bekor qilingan bo‘lib, uning o‘rniga favqulodda jazo chorasi sifatida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilgan. Biroq Namangandagi voqea fonida siyosatchilar va jamoatchilik pedofillar uchun jazo choralarini qayta ko‘rib chiqish masalasini yana kun tartibiga qo‘ymoqda.