
- 6
- 10.06.2026 16:48:00
- 1 мин оқу
Prezident Samarqand viloyatini kompleks rivojlantirish va chekka tumanlarda aholi turmush darajasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Bulung‘ur, Narpay, Oqdaryo, Paxtachi, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahri iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, ixtisoslashgan tarzda rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Rejaga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik yo‘nalishida Bulung‘ur, Qo‘shrabot va Paxtachi tumanlarida naslchilik va parrandachilik korxonalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Narpay tumani va Kattaqo‘rg‘on shahri esa sanoat va xizmat ko‘rsatish markaziga aylantiriladi. Bu hududlarda yirik sanoat zonalari tashkil etilib, xorijiy kompaniyalar, jumladan Yaponiya investorlari jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. Oqdaryo tumani to‘qimachilik, parrandachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashadi.
Shuningdek, ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirish, eksport hajmini oshirish hamda sanoat va xizmatlar sohasini ikki barobarga ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Turizm sohasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilib, Samarqandning tarixiy markazidagi 13 ta koʻchani piyodalar hududiga aylantirish, yangi turizm va servis obyektlarini barpo etish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Yig‘ilish yakunida infratuzilmani yaxshilash, yo‘l, suv, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda ijtimoiy obyektlar qurish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rilishi belgilandi.