
- 1
- 07.07.2023 12:44:00
«Tibbiyotda «superkontrakt»ni olib tashlash bo‘yicha hukumatga taklif kiritganmiz» – vazir
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tibbiyot yo‘nalishida «superkontrakt» to‘lab o‘qish masalasida ijobiy fikrda emasligini aytdi. Vazir, shuningdek, tibbiyot yo‘nalishida sirtqi ta’lim ochish rejada yo‘qligini ma’lum qildi.Sog‘liqni saqlash sohasi ta’limida to‘liq transformatsiya jarayoni boshlangani, talabalarni qabul qilishda «superkontrakt»dan voz kechilishi yoki yo‘qligi haqida sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ma'lumot berdi. Vazir bu masalada ijobiy fikrda emasligini aytib, «superkontrakt»ni tibbiy ta’limdan olib tashlash uchun hukumatga taklif kiritilganini bildirgan.
«Albatta, buni hukumat belgilab beradi. Biz hukumatga taklifimizni (superkontraktni bekor qilish bo‘yicha) kiritganmiz. Gap talabaning o‘qishida va bizning filtrimizda. Xohlagan talaba [«superkontrakt»] kirishi mumkin, butun dunyoda tendensiya shunaqa. Bilimi bo‘lsa, malakasi bo‘lsa, kirishi mumkin: u «superkontrakt»ga kiradimi, o‘z bilimi bilan kiradimi… Eng asosiysi, biz filtrni xalqaro talablar darajasida qilib qo‘ysak, o‘zi hamma [talaba] filtrlanadi», – degan Amrillo Inoyatov 5 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanda.
Shuningdek, u tibbiy ta’limda sirtqi ta’limni ochish rejada yo‘qligini, bunday yo‘nalish dunyoda ham mavjud emasligini aytgan.
«Tibbiyotda sirtqi degan termin bo‘lishi mumkin emas. [O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida tibbiyot yo‘nalishida] sirtqi ta’lim ochilishi rejada yo‘q», – degan Inoyatov.
Ma’lumot uchun, tibbiy ta’limdan «superkontrakt»ni olib tashlash taklifi tibbiyot faollari tomonidan bir necha bor o‘rtaga tashlangan. Bu mavzuda Kun.uz ham bir necha marta shifokorlar bilan suhbat o‘tkazgan.