
- 3
- 20.12.2025 14:53:00
- 2 daq o'qish
Tokioda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining muzokaralari boʻlib oʻtdi. Energetika, geologiya, turizm, infratuzilmani rivojlantirish, AT va boshqa ustuvor sohalarda muhim loyihalarni amalga oshirib kelayotgan “Sojitz”, “Toyota Tsusho”, “Sumitomo”, “Itochu”, “Kyoto Plaza”, “Balcom”, “Shikoku Electric” kabi yetakchi yapon kompaniyalari Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) bilan qoʻshma loyihalar portfeli energetika, neft-kimyo, transport, taʼlim va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarni qamrab olgan. Davlatimiz rahbari Yaponiya bilan strategik sheriklikni rivojlantirishning bir qator asosiy yoʻnalishlarini qayd etdi. “Yashil” energetika va sanoatda uglerod chiqarishni kamaytirish, axborot texnologiyalari, oʻta muhim minerallar, mashinasozlik sohasidagi hamkorlik, sogʻliqni saqlash va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish shular jumlasidan. Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida qiymati 12 milliard dollardan ortiq boʻlgan kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli shakllantirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ushbu loyihalarni ilgari surish uchun qoʻshma investitsiya platformasini yaratish taklif qilindi. Oʻzbekistondagi 7 ta oliy taʼlim muassasasida yapon tili oʻqitilmoqda. Tokio chet tillar universitetida mana 10 yildirki, oʻzbek tili oʻrganilmoqda. Rektorlar forumi kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qilmoqda. Bugun Yaponiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Hamkorlik dasturlari, ilmiy va innovatsion almashinuvlarni kengaytirish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi. Sukuba universiteti bilan birgalikda Toshkent shahrida birinchi Oʻzbekiston – Yaponiya universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Madaniy va sayyohlik aloqalarini kengaytirish maqsadida madaniyat kunlari, koʻrgazmalar, yoshlar forumlari, kinofestivallarni muntazam oʻtkazib borish taklif qilindi. Tashrif arafasida Yaponiyada Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 35 yilligi munosabati bilan 2027-yilda ikki mamlakatda Madaniyat yillari oʻzaro oʻtkaziladi.