
- 0
- 14.07.2026 15:42:00
- 1 daq o'qish
Surxondaryo viloyatida kuzatilayotgan anomal issiq tufayli og‘ir yuk avtomobillarining harakatiga vaqtinchalik cheklov joriy etildi. Ma’lum qilinishicha, viloyatda kunduzi 42–44°С gacha issiq havo oqimi kuzatilmoqda. Bunday jaziramada asfaltobeton qoplamasi harorati 70–80°С gacha yetib, uning yuk ko‘tarish qobiliyatini pasaytiradi. Natijada, og‘ir yuk avtomobillari harakati yo‘l qoplamasida deformatsiya, g‘ildirak izlari va boshqa texnik nuqsonlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu munosabat bilan “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi va “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida Termiz shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi. Haydovchilar hamda yuk tashuvchi korxonalardan belgilangan cheklovlarga qat’iy rioya qilish va yuk tashish vaqtlarini shunga muvofiq rejalashtirish so‘raldi.