
- 2
- 08.07.2023 08:00:00
“Oliy taʼlimga qabul darajasi 2016-yilga nisbatan to‘rt barobar oshgan” — vazir Ibrohim Abdurahmonov
O‘zbekistonda oliy taʼlimga qabul darajasi 2016-yilga nisbatan to‘rt barobar oshgan. Bu haqda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov “Markaziy Osiyo oliy taʼlim xabi sifatida” xalqaro konferensiyasida maʼlum qildi.
Bugun, 7-iyul kuni Toshkent shaharida tashkil qilingan anjumanda globallashuv sharoitida oliy taʼlim malakalarini tan olishning xalqaro mexanizmlari, O‘zbekistonda oliy taʼlim transformatsiyasi masalalari muhokama qilindi. Ibrohim Abdurahmonov tadbir ochilishidagi nutqida globallashuv davri oliy taʼlim tizimini qurish tubdan yangi yondashuvlarni talab qilishini aytdi.
“Jahon taʼlim makonida aniq o‘rin egallash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining milliy taʼlim tizimlari dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va rivojlanish jarayonlariga moslashishi muhim ahamiyat kasb etadi. So‘nggi yillarda taʼlim sifati va oliy taʼlimga qamrovini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oxirgi besh yil ichida 100 dan ortiq yangi universitetlar tashkil etildi. O‘zbekistonda oliy taʼlimga qabul darajasi 2016-yilga nisbatan to‘rt barobar oshdi va joriy o‘quv yilida 39 foizga yetdi. Bundan to‘rt yil avval O‘zbekistonda atigi 7 ta xorijiy universitetlar faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi kunda 30 taga yetdi”, — dedi vazir.
Anjumanda YUNESKOning Bangkokdagi mintaqaviy ofisi direktori Libing Vang taʼlimning muhim jihatlari haqida fikr bildirdi.“Bugungi kunda oliy taʼlimning inklyuzivligini rivojlantirish muhim. Koronavirus pandemiyasi barqaror rivojlanishda taʼlimning roli qanchalik muhimligini ko‘rsatdi. Oliy taʼlim qashshoqlik, gender tengsizligi kabi muammolarni hal qilishga yordam beradi, universitetlar jamiyat farovonligida faol ishtirok etadi. Markaziy Osiyo tarixiy va madaniy meros maskanidir. Mazkur hududning oliy taʼlim markaziga aylanishi jahon hamjamiyati o‘rtasida bilim va tajriba almashishga xizmat qilishiga ishonaman. Markaziy Osiyo oliy taʼlim tizimiga eng yaxshi taʼlim amaliyotlarini tatbiq etish, tajriba almashinuvini kengaytirish zarur”, — dedi u.Anjumanda Markaziy Osiyo davlatlarida oliy taʼlimni xalqarolashtirish, taʼlim sifatini yanada yaxshilash, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, mintaqa davlatlarida oliy taʼlim transformatsiyasi, dual taʼlimni yo‘lga qo‘yish, xalqaro reytinglar kabi mavzular muhokama qilindi.
Manba: daryo.uz





