
- 2
- 17.07.2023 14:52:00
Markaziy bank 3 oyda 19,5 trln so‘mlik oltin sotib olgan
Markaziy bank joriy yilning II choragi uchun «Pul bozori va likvidlik sharhi»ni e’lon qildi. Tashkilot mazkur materialda qimmatbaho metallar xaridi va valyuta intervensiyalariga doir ma’lumotlarini taqdim etgan.
Unga ko‘ra, 2023 yilning II choragida tashqi iqtisodiy sharoitlar, global resessiya va moliyaviy tizim barqarorligi bo‘yicha xatarlarning ortishi kabi qator sabablar fonida jahon bozorida oltin narxi 1 troya unsiya uchun 1 900 - 2 000 AQSH dollari doirasida shakllangan.
Natijada, Markaziy bankning qimmatbaho metallar xaridi ushbu davrda 19,5 trln so‘mga teng bo‘lib, 2023 yilning I choragiga nisbatan 9,9 foizga ko‘pni tashkil qilgan (2022 yilning mos davrida 17,2 trln. so‘m).
«Markaziy bank tomonidan qimmatbaho metallarni xarid qilishga chiqarilgan likvidlik «oltin-valyuta zaxiralari neytralligi tamoyili» asosida ichki valyuta bozoriga intervensiyalar orqali sterilizasiya qilib borildi. Jumladan, Markaziy bankning ichki valyuta bozoriga sof intervensiyalari 2,4 mlrd dollarni (28 trln so‘m ekvivalenti) tashkil etib, qimmatbaho metall xaridi natijasida yuzaga kelgan qo‘shimcha likvidlikni sterilizasiya qilish imkonini berdi», – deyiladi MB sharhida.
Manba: xabar.uz