
- 8
- 16.07.2026 11:48:00
- 2 daq o'qish
Elchixona rasmiylari, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda Turkiyada 2016-yil 15-iyul kuni yuz bergan davlat to‘ntarishiga urinish va ushbu xiyonatga qarshilik vaqtida halok bo‘lgan fuqarolar yodga sukut saqladi va Musulmonlar idorasi vakili ishtirokida Qur’on tilovat qilindi. Tadbirda O‘zbekostondagi elchisi Ufuk Ulutash nutq so‘zladi va voqea haqida hujjatli film taqdim etildi.
15-iyul Turkiyada "Demokratiya va Milliy birlik kuni" sifatida nishonlanadi. Ushbu sana 2016-yil 15-iyul kuni yuz bergan davlat to‘ntarishiga urinish voqealarini yodga olish hamda o‘sha tunda halok bo‘lganlar xotirasini e’zozlash maqsadida rasmiy xotira kuni sifatida belgilangan. 2016-yil 15-iyul oqshomida Turkiya Qurolli kuchlarining bir guruh harbiy xizmatchilari hukumatni ag‘darishga uringan. Mamlakatning Anqara va Istanbul kabi yirik shaharlarida harbiy texnikalar ko‘chalarga chiqarilgan, ko‘priklar yopilgan, parlament binosi va boshqa strategik obyektlarga hujumlar uyushtirilgan. Biroq hukumat, xavfsizlik kuchlari va ko‘plab fuqarolarning qarshiligi natijasida to‘ntarishga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, voqealar oqibatida 250 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 2 mingdan ziyod inson turli darajada tan jarohati olgan. Shundan so‘ng Turkiya hukumati ushbu sanani demokratiya va xalq birdamligining ramzi sifatida e’tirof etib, 15-iyulni rasmiy xotira va dam olish kuni deb e’lon qilgan. Har yili ushbu kunda mamlakat bo‘ylab xotira marosimlari, gul qo‘yish tadbirlari, Qur’on tilovatlari hamda rasmiy chiqishlar tashkil etiladi. Davlat rahbarlari, jamoat arboblari va fuqarolar 2016-yil voqealarida halok bo‘lganlarni yod etib, demokratiya va milliy birlik g‘oyalariga sodiqliklarini yana bir bor ta’kidlaydilar. Shuningdek, dunyoning turli mamlakatlaridagi Turkiya elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida ham ushbu sana munosabati bilan xotira tadbirlari o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlar Turkiya tarixidagi muhim voqeani eslash, halok bo‘lganlarni xotirlash va demokratiyaning ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.