
- 3
- 22.07.2023 10:38:00
Janubiy Afrika hukumati agar Putin mamlakatga tashrif buyursa, uni hibsga olishga rozi bo'ldi
Janubiy Afrika Adliya vazirligi davlat prokuraturasi direktori Shamila Batoxidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order berishni so’radi. Bu haqda mahalliy News24 nashri Pretoriya sudi bayonotiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, so’rov 17-iyul kuni, Janubiy Afrika xalqaro aloqalar departamenti ukrainalik bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda ayblanayotgan Putinni hibsga olish uchun Xalqaro jinoiy sud (XJS) orderini mamlakat Adliya vazirligiga topshirganidan ikki oy o’tib yuborilgan.
Prokuratura hukumatni Putin avgust oyida Yoxannesburgda bo’lib o’tadigan BRICS sammitiga kelsa, uni hibsga olishga ko'ndirish uchun sudga murojaat qilgan. 19-iyul kuni Janubiy Afrika rasmiylari Rossiya prezidenti sammitda qatnashmasligini eʼlon qilganidan so’ng, muxolifatdagi “Demokratik alyans” suddan Putinni mamlakatga kelgan istalgan vaqtda hibsga olishga buyruq berishni so’radi. Hukumat esa bu talabga rozi bo’ldi.
Eslatib o’tamiz, 17-mart kuni Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan edi. U Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda gumon qilinmoqda. Xuddi shunday order Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham berilgan.
Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa muxolifatning XJS oldidagi majburiyatlarini bajarish haqidagi talabiga javoban, Putinning hibsga olinishi Rossiyaga urush e’lon qilinishi sifatida baholanishi haqida ogohlantirish olganini aytdi. Kreml buni inkor qildi.
Ramafosa ma’muriyati 19-iyul kuni Putin BRICS sammiti uchun Janubiy Afrikaga kelmasligini, Rossiya delegatsiyasiga esa tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qilishini aytdi.
Manba.Kun.uz