
- 0
- 30.05.2023 13:37:00
Shavkat Mirziyoyev: “Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni — bilim, ta’lim va tarbiya bo‘ladi”
Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni bilim, ta’lim va tarbiya bo‘ladi. Bu haqda O‘zLiDePdan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturida ma’lum qildi.
“Bu yil O‘zbekiston ilm-fanining asosiy tayanchi bo‘lgan Fanlar akademiyasi tashkil topganiga 80 yil to‘ladi. Bu qutlug‘ sanani hammamiz birgalikda nishonlaymiz.
Biz Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda sog‘lom va barkamol yoshlarimizni hal qiluvchi kuch deb bilamiz.
Shu maqsadda ularning bilim, madaniyat, san’at va sport bo‘yicha salohiyatini ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish borasida ham yangi tizim yaratamiz.
Takror va takror aytaman: Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni – bilim, ta’lim va tarbiya bo‘ladi!
Yoshlarimizning faolligi, Vatanimiz taqdiri va taraqqiyotiga befarq emasligi, ertangi kunga katta umid va ishonch bilan qarayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Biz bugungi O‘zbekiston bu — kechagi O‘zbekiston emas, deb ko‘p gapiramiz. Buning isbotini avvalo yoshlarimiz siymosid́a, ularning yutuq va g‘alabalarida ko‘ramiz.
Qadrli farzandlarim, bir narsadan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin: sizlarning qobiliyat va iste’dodingizni ro‘yobga chiqarish uchun biz bundan buyon ham barcha sharoit va imkoniyatlarni, albatta, yaratib beramiz.
Men siz, azizlarning har biringizni o‘zimning o‘g‘lim, o‘zimning qizim, o‘zimning nevaram, deb bilaman.
Sizlarning har bir yutug‘ingiz, g‘alabangizni o‘zimning yutug‘im, o‘zimning g‘alabam, deb qabul qilaman.
Jonajon Vatanimiz, zahmatkash xalqimizning ana shunday yuksak ishonchi va mehriga doimo munosib bo‘ling, aziz o‘g‘il-qizlarim!” — dedi Shavkat Mirziyoyev.