
- 3
- 17.01.2023 11:50:00
Shavkat Mirziyoyev Singapur rahbarlari bilan uchrashdi
Prezident Singapurga davlat tashrifini boshladi. Hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 8 ta hujjat almashildi.
Bugun, 17-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi doirasida oliy darajadagi tadbirlar – ushbu mamlakat Prezidenti Halima Yaqub va Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokaralar o‘tkazildi. https://president.uz/uz/lists/view/5825
O‘zbekiston-Singapur sammitidan avval Singapur Prezidentining “Istana” saroyida Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Saroy oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga Faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Singapur Prezidenti Halima Yaqub Faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegasiyalar a’zolarini qutladilar.
So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sharafiga Singapurning milliy ramzi bo‘lgan orxideya gulining yangi naviga nom berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
An’anaga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev gulning yoniga yangi turdagi orxideyaning nomi - “Shavkat Mirziyoyev orxideyasi” deb yozilgan taxtachani joylashtirdi.
Ushbu ko‘rkam va yoyilib o‘suvchi gul Encbi Purple va Kila Blue orxideyalarining gibridi hisoblanadi. Uzunligi 45 sm bo‘lgan qat-qat yaproqli qo‘shgullar, ularning har birida 17 tadan 20 tagacha gul hosil qiladi, har bir gulning eni 5 sm atrofida. Och siyohrang barglar va kosachabarglarning cheti mayin binafsharang.
Shundan so‘ng Prezidentlar ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdilar.
O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, ijtimoiy-siyosiy hayotni demokratlashtirish borasidagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi.
Ikki mamlakatning Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integrasiyani kengaytirish borasidagi tajribasi batafsil ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Singapur xalqaro maydonlarda mintaqaviy barqarorlik va izchil taraqqiyot masalalarida bir-birini anglashi va bu boradagi tashabbuslarni ilgari surishda o‘zaro ko‘maklashayotgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
Shavkat Mirziyoyev Halima Yaqubni o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.
Shundan so‘ng “Istana” qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Singapur Bosh vaziri Li Syan Lun o‘rtasida muzokara o‘tkazildi.
Yetakchilar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini har tomonlama ko‘rib chiqdilar, ustuvor yo‘nalishlardagi aloqalar jadal sur’at bilan rivojlanib borayotganini ta’kidladilar.
Ko‘plab sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun katta zaxiralar mavjudligi qayd etildi.
Bundan tashqari, tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Ochiq va do‘stona muhitda o‘tgan uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Li Syan Lunni o‘ziga qulay vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi.
Delegasiyalar rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida O‘zbekiston-Singapur hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 8 ta hujjat almashildi.