• Like
  • Heart
  • Haha
  • Sad
  • Wow
  • Angry

Shavkat Mirziyoyev IHT sammitida nutq so‘zladi

 Shavkat Mirziyoyev IHT sammitida nutq so‘zladi
  • 6
  • 09.11.2023 12:24:00

Shavkat Mirziyoyev IHT sammitida nutq so‘zladi

Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida nutq so‘zladi. Unda tashkilotga a’zo davlatlarni birgalikda hamjihat bo‘lib harakat qilishga chaqirdi.

“Bugun ko‘z o‘ngimizda dunyo siyosiy arxitekturasi tom ma’noda o‘zgarmoqda va global qayta qurilishi sodir bo‘lmoqda. Bu murakkab jarayonlarda o‘zining katta o‘rniga ega bo‘lgan tashkilotimiz davlatlari birgalikda hamjihat bo‘lib harakat qilishi, vujudga kelayotgan xavf-xatarlarga qarshi samarali yechimlar topishi muhimdir”, — dedi davlat rahbari.

Prezident tashkilot a’zolarini mushtarak tarix va muqaddas islom dinimiz, boy madaniyat va o‘xshash qadriyatlar chambarchas bog‘lab turishini qayd etdi.

Bundan tashqari davlatimiz rahbari tashkilotning kelajakdagi ustuvor soha va tarmoqlarini belgilab beruvchi hujjatning asosiy yo‘nalishlarini sanab o‘tdi. Davlat rahbarining qayd etishicha, ushbu hujjatda tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Sammitda nutqi davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Isroil—Falastin mojarosiga ham to‘xtalib o‘tib, tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, tinch muzokaralarni boshlash va oqilona murosaga kelishga chaqirdi.

“Global tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan Yaqin Sharqdagi Falastin-Isroil urushi barchamizda katta tashvish uyg‘otmoqda. Ming afsuski, bu qonli nizo oqibatida avvalo, tinch aholi vakillari, ayniqsa, ayollar, bolalar va keksalar ko‘plab qurbon bo‘lmoqda. Urushning mintaqa bo‘ylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olmoqda. Qarama-qarshilikning keng ko‘lamli nizoga aylanib ketishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, tinch muzokaralarni boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz.”

Prezident sammit tashkilot a’zolaridan biri bo‘lgan Afg‘oniston ishtirokisiz o‘tayotganiga diqqat qaratdi.

“Asrlar davomida bizga yon qo‘shni bo‘lgan ko‘pmillatli Afg‘oniston xalqini bugungi murakkab muammolari qarshisida yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi. Ushbu mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish barqaror taraqqiyotimizning ajralmas va zaruriy shartidir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari sammitda ishtirok etayotgan barchani afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni ko‘paytirishga, ushbu mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy mas’uliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga chaqirdi.

Copyrights © 2022 All Rights Reserved by Casia News