
- 4
- 06.10.2023 07:20:00
Shavkat Mirziyoyev Qozondan Moskvaga keldi
“Vnukovo-2” aeroportida tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi. Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev Tataristonga borganligi haqida xabar bergan edik.
Rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan Mirziyoyev Qozondan Moskvaga bordi.
Rossiya poytaxtining “Vnukovo-2” aeroportida davlat rahbarini Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Tashrif dasturiga muvofiq, 6 oktyabr kuni ikki mamlakat yetakchilari tor va kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazadilar. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda har tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin bilan ham muzokara o‘tkazadi.
Manba: uznews.uz