
- 2
- 07.08.2023 13:38:00
O‘zbekistonda Nike brendi mahsulotlarini ishlab chiqarish boshlandi
Andijonda ish boshlagan korxona Nike brendi ostida krossovkalarni ishlab chiqarmoqda. Korxonada kuniga 6000 juft oyoq kiyim ishlab chiqarish imkoniyati bor. O‘zbekiston korxonasi konveyerlaridan Nike brendining ilk mahsulotlari chiqarilishi boshlandi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Xitoylik investorlar tomonidan 3 mln dollar evaziga Andijon viloyatida ish boshlagan Sino International xorijiy kompaniyasi o‘tgan 5 yil mobaynida Nike kompaniyasi tomonidan belgilab berilgan xalqaro standartlar xususan, ishlab chiqarish liniyalarini barpo etish, ishchi-mehnatchilarga muqobil sharoitlarni yaratish, brend tomonidan yo‘lga qo‘yilgan sifat nazoratlarini to‘liq bajarishi natijasida brend krossovkalarining dastlabki partiyasi ishlab chiqarilishi boshlandi.
Bugungi kunda Sino International xorijiy kompaniyasida 50 nafar ishchi xodim mehnat qiladi. Sport poyabzallarining tag qismlarini quyish va ustki qisimlarini tayyorlash liniyalari o‘z faoliyatini boshlagan.
O‘zbekistonlik mutaxassislarning malaka va ko‘nikmalari esa Nike kompaniyasining Xitoydagi filialidan kelgan texnologlar, dizayner va bichuvchilar tomonidan oshirilmoqda. Korxonada kuniga 6000 juft krossovka ishlab chiqarish imkoniyati bor. Yil oxiriga kelib bu quvvat 2 hissa ortishi rejalashtirilgan.
Manba: uznews.uz