
- 0
- 10.06.2026 10:57:00
- 1 daq o'qish
Shavkat Mirziyoyevga Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha axborot berildi. 16–18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 99 mamlakatdan 8 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Ularning qariyb 3,1 ming nafari xorijiy mehmonlarni tashkil qiladi.
Tadbir doirasida yalpi majlis, ikki tomonlama uchrashuvlar, tarmoq va hududlar taqdimotlari, investitsiya bitimlarini imzolash marosimlari hamda biznes muloqotlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini namoyish etuvchi ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo sanoati, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlar taqdim etiladi.
Forumda Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi ham o‘tkaziladi. Unda investitsiya muhitini yaxshilash, innovatsion rivojlanishni jadallashtirish va investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilinadi.
Joriy yilgi forumda kimyo sanoati, geologiya, energetika, farmatsevtika, transport-logistika, turizm, ta’lim va boshqa qator yo‘nalishlarni qamrab oluvchi yirik investitsiya kelishuvlarini imzolash rejalashtirilgan. Prezident forumni yuqori saviyada tashkil etish, xorijiy mehmonlarni munosib kutib olish va imzolanadigan kelishuvlarning ijrosini tizimli nazorat qilish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.