O‘monda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi

O‘monda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi
  • 2
  • 13.11.2026 12:49:00
  • 2 daq o'qish

12–13-noyabr kunlari O‘mon Sultonligining Maskat shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari tashkil etildi. Ikki kunlik tadbirlar davomida o‘zbek milliy san’ati, musiqa va raqs an’analari, shuningdek, xalq hunarmandchiligi namunalari namoyish etildi.

12-noyabr kuni Maskatdagi Al Mouj majmuasida O‘zbekiston madaniyati kunlarining tantanali ochilish marosimi va gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya, O‘monning madaniyat, sport va yoshlar vaziri Sayyid Saud bin Hilol bin Hamad Al Busaidiy, diplomatik korpus vakillari hamda ikki mamlakat san’at namoyandalari ishtirok etdi.

Konsert dasturida o‘zbekistonlik taniqli san’atkorlar, maqom va folklor ijrochilari, sozandalar hamda raqqosalar sahnaga chiqdi. Milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar orqali o‘zbek xalqining boy madaniy merosi O‘mon tomoshabinlariga tanishtirildi.

Tadbirlar doirasida milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi ham tashkil etilib, unda o‘zbek xalq amaliy san’ati, an’anaviy hunarmandchilik maktablari va milliy bezak san’ati namunalari namoyish qilindi.

O‘zbekiston va O‘mon madaniy hamkorlikni kengaytirmoqchi

Tashrif davomida Ozodbek Nazarbekov O‘mon madaniyat, sport va yoshlar vaziri bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda ikki mamlakat madaniyat vazirliklari o‘rtasida anglashuv memorandumini imzolash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va madaniy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, 2027-yilda O‘zbekistonda O‘mon madaniyati kunlarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri va Maskat Qirollik opera uyi o‘rtasida gastrol almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ikki davlat simfonik orkestrlari ishtirokida qo‘shma konsertlar o‘tkazish rejalari muhokama qilindi.

Muzokaralarda maqom va raqs san’ati yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish, ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratildi.

13-noyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Sulton Qobus nomidagi Madaniyat va fan oliy markazi faoliyati bilan tanishdi. Tashrif dasturidan qator madaniy uchrashuvlar va gala-konsert ham o‘rin oldi.

Ikki mamlakatni bog‘layotgan madaniy aloqalar

O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi madaniy hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib kelmoqda. Jumladan, O‘mon san’atkorlari O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Lazgi”, “Sharq taronalari” va Xalqaro baxshichilik san’ati festivallarida ishtirok etgan. 2026-yilda Namanganda tashkil etilgan Xalqaro maqom san’ati anjumanida ham O‘mon vakili qatnashgan.

Maskatda o‘tkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘zbek san’atini xalqaro maydonda kengroq tanitish, ikki mamlakat ijodkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda teatr, musiqa va madaniy ta’lim sohalarida yangi hamkorlik istiqbollarini belgilashga xizmat qilmoqda.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News