
- 1
- 24.07.2026 20:17:00
- 1 daq o'qish
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva poytaxtdagi istirohat bog‘larini ko‘zdan kechirib, shaharga “yashil shahar” maqomini qaytarish rejalarini ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent jadal rivojlanayotgan bo‘lsa-da, shaharda yashil hududlar nihoyatda kam. Shu sababli, yangi istirohat bog‘lari barpo etish va atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish poytaxt kelajagi uchun eng zarur ustuvor yo‘nalishlardandir.

Qayd etilishicha, poytaxtdagi qator muhim obyektlar borib ko‘rilgan. Ularning har biri o‘z o‘rni va xususiyatiga ega bo‘lib, asosiy maqsad — ushbu maskanlarni xalqqa xizmat qiladigan qulay hududga aylantirishdan iborat.
Xususan, Afrosiyob ko‘chasidagi bog‘ holati o‘rganilib, bu yerda aholi emin-erkin dam olishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Sayilgoh ko‘chasi, Amir Temur shohko‘chasi va unga tutash hududlarni yangilash, Bobur nomidagi Ekopark hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi bog‘ maydonlarini kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Asosiy vazifamiz — poytaxtimizga “yashil shahar” maqomini qaytarish, odamlar mazmunli hordiq chiqarishi va sayr qilishi uchun imkon qadar ko‘proq ochiq maydonlar yaratishdir, dedi Saida Mirziyoyeva.
Uning ta’kidlashicha, shahar aholisining turmush darajasini yaxshilash yo‘lida qulay va xavfsiz muhitni rivojlantirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini izchil davom ettirish hamda mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish masalalarini hal etishga zudlik bilan kirishish juda muhimdir.