
- 8
- 14.10.2026 12:15:00
- 2 daq o'qish
O‘zbekistonda aholi uchun 1 kilogramm suyultirilgan gazning chakana narxini 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha oshirish taklif etilmoqda. Bu haqdagi hukumat qarori loyihasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Hukumat narxni oshirish taklifini ichki ishlab chiqarish kamayishi, importga qaramlik ortishi va aholini gaz bilan o‘z vaqtida ta’minlashdagi qiyinchiliklar bilan izohlamoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, suyultirilgan gazdan maishiy ehtiyojlar uchun foydalanadigan iste’molchilar soni qariyb 4 millionni tashkil etadi. Ayrim hududlarda gaz ballonlari 30–35 kundan ham kech yetkazilmoqda, natijada aholi qo‘shimcha gazni bozorda kilogrammi 11–13,5 ming so‘mdan sotib olishga majbur bo‘lmoqda.
Loyihaga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga har bir kilogramm gaz uchun 3 ming so‘mdan kompensatsiya beriladi. Yordam oyiga ko‘pi bilan 20 kilogramm gaz uchun hisoblanib, uning eng yuqori miqdori 60 ming so‘mni tashkil etadi. Kompensatsiya 2030-yil 1-yanvargacha to‘lanishi taklif qilinmoqda. Yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar, daromadi belgilangan mezonlardan oshmaydigan ehtiyojmand xonadonlar hamda yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashaydigan oilalarga berilishi mumkin.
Arizalarni davlat xizmatlari markazlari, "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari, mahallalardagi ijtimoiy xodimlar, my.gov.uz portali yoki "Ijtimoiy karta" ilovasi orqali bepul topshirish rejalashtirilgan.
2023–2026-yillarda suyultirilgan gaz importi 19 ming tonnadan 713 ming tonnagacha oshishi, ichki ishlab chiqarish esa 883 ming tonnadan 803 ming tonnagacha kamayishi kutilmoqda.
Yangi narxni joriy etish sanasi bo‘yicha hujjat loyihasida 2026-yil 1-oktabr, tushuntirish materiallarida esa 1-noyabr ko‘rsatilgan. Shu sababli narxning qachondan o‘zgarishi yakuniy qarorga bog‘liq.