
- 4
- 26.06.2023 07:48:00
Barcha telekanallarda maqom vaqti tashkil etish taklif qilindi
O‘zbekiston bo‘ylab “Yoshlar oyligi” doirasida ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan mazkur oylik munosabati bilan “Ma’rifat” targ‘ibotchilari Andijon viloyatida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida “Ziyolilar forumi” tashkil etildi. Unda professor Narzulla Jo‘rayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktor o‘rinbosari Munira Qahhorova ishtirok etdi
Tadbirda professorlardan biri barcha telekanallar orqali maqom vaqti tashkil etilishini taklif etdi. Shundan so‘ng Gulbahor Erqulova maqom haqida so‘z yuritdi.
“Fikringizga qo‘shilaman. 30 ta telekanal bo‘lsa, barchasidan bir xil yuzlar chiqadi. Ba’zida tomoshabin charchaydi ham, menimcha.
To‘g‘ri, barchasini o‘z o‘rni bor. Estrada ham, lirikada ham, maqomda ham ijod qilish kerak. Cheklashga qarshiman. Ammo maqomni zerikarli deb ataydiganlarga qarshi chiqishga majburman. Maqomni men ijod qiladigan yo‘nalish bo‘lgani uchun emas, milliyligimizni o‘zida aks ettirgani uchun qadrlayman. Aslida men ham juda zamonaviy insonman. Yaqindan taniydiganlar biladi.
Hatto boshlang‘ich sinfni rus tilida o‘qiganman. Lekin o‘zbek tili hamda milliy qadriyatlar, an’analarga zid ish qilsam o‘zimni gunohkordek his qilaman. Bu holatga kimdir vatanparvarlik deb ta’rif berar, yana kimdir ko‘zbo‘yamachilik. Menga boshqalarni qanday qarashi ahamiyatsiz”, dedi u.
Manba: UzReport.news





