Diniy-maʼrifiy soha magistr va doktorantlari uchun “Islom maʼrifati” stipendiyasi joriy etiladi

Diniy-maʼrifiy soha magistr va doktorantlari uchun “Islom maʼrifati” stipendiyasi joriy etiladi
  • 0
  • 11.06.2026 11:26:00
  • 2 daq o'qish

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bugungi faoliyati va istiqboldagi rejalariga bagʻishlangan taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda, markazda kunlik tashrif buyuruvchilar soni oʻrtacha 6 ming nafardan oshib, shu davr ichida 150 dan ortiq xorijiy delegatsiyalar hamda 2 mingdan ziyod mehmonlarni qabul qilinganligi ta’kidlandi.

Majmua tarkibida Bolalar muzeyi va Imom Buxoriy innovatsion muzeyi tashkil etilgan. Shuningdek, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Mehmonlarga xizmat koʻrsatish uchun gid-ekskursovodlar va nazoratchilar tizimi shakllantirilgan. Ilmiy yoʻnalishda 810 ta loyiha amalga oshirilgan boʻlib, ularda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etgan.

Mingdan ziyod artefakt Oʻzbekistonga qaytarilgan. Jumaldan, kutubxona fondida 3 mingdan ortiq nodir nashr jamlangan boʻlib, ularning bir qismi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun moslashtirilgan. Markazda robot-gidlar, multimedia va interfaol qurilmalar tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatmoqda. Shuningdek, markaz “Dunyoning eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida “Ginnessning jahon rekordlari kitobi”ga kiritilgan.

Taqdimot davomida markazning kelgusi rejalari muhokama qilindi. Jumladan, ilmiy jurnalni xalqaro “Scopus” va “Web of Science” bazalariga kiritish, qoʻlyozmalarning raqamli katalogini yaratish hamda ilmiy markazlarning yagona integratsiyalashgan platformasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, diniy-maʼrifiy soha magistr va doktorantlari uchun “Islom maʼrifati” stipendiyasini joriy etish koʻzda tutilgan. Kelgusida 20 ming nafar yoshlar, imom-xatiblar va otinoyilarni markaz faoliyatiga jalb etish rejalashtirilgan.
Xitoy, AQSh, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyada saqlanayotgan Oʻzbekiston madaniy merosiga oid kolleksiyalar ustida ham tadqiqotlar olib borilishi maʼlum qilindi.

Shuningdek, media va xalqaro targʻibot yoʻnalishida qator tashabbuslar ilgari surildi. “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat yoʻli” mavzusida I xalqaro Islom forumini oʻtkazish, BMT va UNESCO platformalarida maxsus taqdimotlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Markaz faoliyatini 55 ta davlatda targʻib qilish, “Islomda ayollarning oʻrni” mavzusida xalqaro konferensiya va koʻrgazmalar oʻtkazish, shuningdek, Oksford islom tadqiqotlari markazi, ICESCO, IRCICA va TURKSOY kabi tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News