
- 2
- 08.06.2023 07:43:00
Kanadada kuchli o‘rmon yong‘inlari kuzatilmoqda, tutun Nyu-York va Vashingtongacha yetib kelgan
Kanadadagi o‘rmon yong‘inlarining soni va ko‘lami barcha rekordlarni yangilashi mumkin. Bosh vazir Jastin Tryudo aytishicha, hozir Kanadada 414 ta o‘rmon yong‘inlari kuzatilmoqda, ulardan 239 tasi nazoratdan tashqarida. 20 mingdan ortiq odam uylaridan evakuatsiya qilingan.
Faqat Kvebekda mahalliy o‘t o‘chiruvchilar bir vaqtning o‘zida 40 dan ortiq bo‘lmagan yong‘inlarni o‘chirish imkoniyatiga ega bo‘lishiga qaramay, 150 dan ortiq faol yong‘inlar mavjud.
Ushbu yong‘inlar tufayli Amerika shaharlarida - Nyu-York, Vashington va boshqalarda ham tutun kuzatilmoqda. AQSh shimoliy qo‘shnisiga favqulodda yordam yubormoqda.
Kvebekdan tashqari Britaniya Kolumbiyasi, Alberta, Ontario, Yangi Shotlandiya va Shimoli-G‘arbiy hududlarda 3,3 million gektar o‘rmonlar yonmoqda.
Kanadada o‘rmon yong‘inlari yilning shu davriga xosdir. Biroq bu yil kuzatilayotgan yong‘inlar ko‘lami juda katta bo‘lib, qisman quruq ob-havo va haroratning isishi bilan bog‘liq. Agar yong‘inlar shu tezlikda tarqalishda davom etsa, rasmiylar 2023 yil Kanadada yonib ketgan hudud hajmi bo‘yicha eng yomon yil bo‘lishini taxmin qilmoqda.
Yaqin atrofdagi yong‘inlar tufayli minglab kanadaliklar evakuatsiya qilindi, Shimoliy Amerika bo‘ylab o‘n millionlab odamlar potensial tutun xavfi haqida ogohlantirildi.
Kanada va AQShning ko‘plab shaharlarida, jumladan Toronto, Ottava, Nyu-York va Vashingtonda osmon to‘q sariq rangga kirdi. Ottava hukumati yong‘inlar natijasida havoning ifloslanishini odamlar, ayniqsa, nafas yo‘llari kasalliklari bilan og‘riganlar salomatligi uchun o‘ta xavfli deb atadi.Oq uy Kanadaga o‘rmon yong‘inlari bilan kurashish uchun yordam yuborayotganini aytdi. AQShning maxsus aviatsiya bilan jihozlangan 600 dan ortiq o‘t o‘chiruvchilari kanadalik hamkasblariga joyida yordam berishmoqda, dedi matbuot kotibi Karin Jan-Per.
Manba: kun.uz