Fransiya Durovga qo‘yilgan cheklovlarini bekor qildi

Fransiya Durovga qo‘yilgan cheklovlarini bekor qildi
  • 1
  • 14.11.2025 09:53:00
  • 1 daq o'qish

Fransiya hukumati Telegram asoschisi Pavel Durovga qo‘llanilgan harakatlanish cheklovlarini to‘liq olib tashladi. Bloomberg manbalariga ko‘ra, bu qaror 10-noyabr kuni qabul qilingan. Durov sud nazoratiga rioya qilgani va uch marta so‘roq qilingani aytilmoqda. Endi u Fransiyani erkin tark etishi mumkin va politsiyada muntazam ro‘yxatdan o‘tish majburiyati bekor qilingan.
Durov 2024-yil avgust oyida Parij aeroportida hibsga olinganidan so‘ng, unga mamlakatdan chiqish taqiqi qo‘yilgandi. 2025-yil iyunida cheklovlar yumshatilgan va Dubayga borib kelishiga ruxsat berilgan edi. U Telegram’dagi kontentni yetarli moderatsiya qilmaslik va Fransiya huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikdan bosh tortish bilan bog‘liq tergov doirasida ushlangan. Tergov doirasida unga terrorizm, giyohvand moddalar, firibgarlik va bolalarga qarshi jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilishi mumkinligi aytilmoqda. Durov bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, platforma foydalanuvchilari qilgan jinoyatlar uchun kompaniya rahbarini javobgar qilish mantiqsizligini ta’kidlagan.
U Telegram’da jinoyatchilar ulushi katta bo‘lmasa-da, biroz oshganini tan olib, muammoni hal qilish uchun choralar ko‘rilishini bildirgan. Durovning boyligi 14,7 mlrd dollar deb baholanmoqda.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News