
- 4
- 05.05.2026 17:39:00
- 1 daq o'qish
5-may kuni deputatlar mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Loyihaga ko‘ra, ota bo‘lgan erkaklarga farzand tug‘ilganidan keyin bir oy ichida 5 kunlik, oyligi saqlangan ta’til berilishi belgilanmoqda. Bu vaqt davomida ular turmush o‘rtog‘iga va farzandlariga qarash imkoniga ega bo‘ladi.
Ushbu qonun loyihasi ilk bor 2024-yilda taklif qilingan edi. Shu kunga qadar milliy qonunchilikda bunday ta’til nazarda tutilmagan.
“Oilada farzand dunyoga keladigan boʻlsa, erkaklarga ham farzand dunyoga kelganidan keyin bir oy ichida rafiqasiga koʻmaklashish uchun besh kun davomida oyligi saqlangan holda ta’til olish imkoniyati berilyapti’’ , degan edi deputat Nodir Tilavoldiyev ushbu qonun loyihasi haqida.
Shuningdek, hujjatda ish haqi kechiktirilsa, har kun uchun kompensatsiya to‘lash, norasmiy bandlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, ishga qabul qilish jarayonini soddalashtirish (asosiy hujjat — JShShIR), elektron hujjatlarni qonuniy kuchga ega qilish, ish joyida zo‘ravonlik va tazyiqqa qarshi choralarni kuchaytirish kabi o‘zgarishlar ham nazarda tutilgan.