
- 2
- 17.10.2023 16:36:00
Mirziyoyev muhokama davomida Sinxua universiteti va Pekin universiteti filiallarini ochishini taklif qildi
Shu bilan bir qatorda davlat rahbarlari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 20 mlrd dollarga yetkazish, Toshkentda Xitoyning ikkita oliy o‘quv yurtining filiallarini ochish, turli sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish niyatlarini bildirdilar.
Bugun, 17-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Xitoy do‘stligi va har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar avvalida O‘zbekiston prezidenti Xitoy Xalq Respublikasi Raisini Xitoy kuni va "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusining o‘n yilligi bilan samimiy tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Xitoy sarmoyasi hajmi 5 barobar, korxonalar soni 3 barobar oshdi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 36 foizga oshdi. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 10 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Ikki davlat rahbarlari yaqin 5 yilda tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha asoslar mavjudligi haqida kelishib oldilar.
Davlat rahbarlari, shuningdek, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega innovasion mahsulotlar ishlab chiqarishni hamkorlikda tashkil etish orqali yuqori texnologiyali loyihalar portfelini kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
O‘zbekiston prezidenti Toshkentda Xitoyning yetakchi oliy o‘quv yurtlari – Sinxua universiteti va Pekin universitetining filiallarini ochishni taklif qildi.
Shuningdek, mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisini O‘zbekistonga tashrif buyurishni taklif qildi.