
- 1
- 18.05.2023 15:32:00
O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirlari Toshkentda uchrashdi
Bugun, 18-may kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov rasmiy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston mudofaa vaziri general-polkovnik Ruslan Jaqsiliqov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Dastlab mehmonlarni faxriy qorovul ishtirokida rasmiy kutib olish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.
Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida o‘tkazilgan ikki tomonlama hamkorlik uchrashuvida general-leytenant Bahodir Qurbonov qozog‘istonlik hamkasbini O‘zbekistonga uyushtirgan tashrifi bilan qutlab, mustaqillik yillarida ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stona harbiy munosabatlarning faqat ijobiy tomonga siljib borayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston mudofaa vaziri ikki tomonlama hamkorlikdagi yerishilayotgan yutuqlarga to‘xtalar ekan, o‘zaro yaqin do‘stona munosabatlar o‘zbek—qozoq aloqalarini yangi strategik sherikchilik bosqichiga ko‘tarib, ittifoqchilik munosabatlari mustahkamlayotganini qayd etdi.
Ikki davlat mudofaa vazirlari harbiy sohada yerishilgan yutuqlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan masalalar borasida ham hamkorlikni davom yettirishning istiqbolli takliflari bilan chiqdi, deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.