
- 6
- 04.11.2023 15:35:00
Sudlanuvchilarning harakatlarida zo‘rlik, qo‘rqitish, jabrlanuvchining ojizligidan foydalanish holatlari o‘z tasdig‘ini topmadi, -- Adliya katta maslahatchisi Svetlana Artikova
Bosh prokuratura mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini zo‘rlagan xorazmlik amaldorlar nima uchun bor-yo‘g‘i 3 yil qamoq jazosi olganini tushuntirdi
“Oliy Sud plenumi alohida qaror ham qabul qilib, nomusga tegish jinoyatlari tasdig‘i berilgan va shunda zo‘rlik, qo‘rqitish, jabrlanuvchining ojizligidan foydalanish tushunchalariga ta’rif berilgan. Qo‘shimcha protsessual harakatlar o‘tkazilganda ikki nafar sudlanuvchining harakatlarida zo‘rlik, qo‘rqitish, jabrlanuvchining ojizligidan foydalanish va shu orqali ular bilan jinsiy aloqa qilish holati o‘z tasdig‘ini topmadi. Bizning fikrimizcha, tergov organi bitta sudlanuvchiga 135-moddaning 3-qismi „a“ bandi bilan uning harakatlari to‘g‘ri malakalangan”, — dedi bosh prokuror o‘rinbosari, Adliya katta maslahatchisi Svetlana Artikova.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ikrom Muslimov esa ikki mansabdorning harakati ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga kirishini aytib o‘tdi.
“Jinoyat qonuniga ko‘ra, Masharipov bilan Kuryazovning aybiga e’lon qilingan 128-moddaning birinchi qismi va 128−1-moddaning 1-qismi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga kiradi va har ikkala modda bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Bugungi kunda Toshkent shahar sudi hukmi bilan ularga qonunda belgilangan jazoning maksimal miqdori tayinlangan. Jinoyat kodeksining 59-moddasida bir necha jinoyatlar uchun tayinlangan jazoning yengilini og‘irrog‘i bilan qoplash, qisman va to‘liq qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil jazo tayinlanishi mumkin. 59-moddaning 2-qismida ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan bir necha jinoyat uchun shaxsga tayinlanadigan jazo o‘sha moddada nazarda tutilgan jazodan oshib ketmasligi qayd qilingan. Shu sababli, sud 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgiladi”, — dedi Oliy sud raisi o‘rinbosari.
2023-yil 11-aprelda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunlar o‘zgartirildi. Unga ko‘ra, jinoyat kodeksidagi jazo miqdorlari og‘irlashtirilgan. Biroq sud mazkur qonunni Masharipov bilan Kuryazovga qo‘llash imkoniyati cheklangan, sababi, shaxsning jinoiy javobgarligi shaxsning jinoyat qilingan vaqtda amalda bo‘lgan qonun bilan belgilanishi qayd etilgan. Ular jinoyatni hozrgi qonundan oldin sodir qilgan. Qonun uning ham manfaatini himoya qiladi. Shu bois jazo eski tahrirdagi qonun bilan tayinlandi, deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, Ikrom Muslimov Toshkent shahar sudi chiqargan hukm so‘nggi nuqta emasligini, tomonlar protest keltirishi mumkinligini eslatdi.
“Toshkent shahar sudi tomonidan chiqarilgan hukm, bu — oxirgi nuqta qo‘yilgan hukm emas. Ish bo‘yicha sudlangan, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar va javobgarlar sud qaroridan norozi bo‘lsa, shikoyat yoki prokurorga protest keltirish vakolatiga ega. Bu ish Oliy sudning kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqiladi. Shu sababli, bugungi brifingda aytilayotgan gaplar ish bo‘yicha yakuniy qaror degani emas”, — deya ta’kidladi Oliy sud raisi o‘rinbosari.





