Putin va boshqa siyosatchilarning karikaturalarini chizgan rassom otib o‘ldirildi

Putin va boshqa siyosatchilarning karikaturalarini chizgan rassom otib o‘ldirildi
  • 8
  • 16.06.2026 13:51:00
  • 1 daq o'qish

Rossiyalik rassom va aksionist Semyon Skrepetskiy Polshada otib o‘ldirildi. U turar joy majmuasi avtoturargohida yaqin masofadan bir necha marta o‘q uzilishi oqibatida halok bo‘lgan. Politsiya hodisa yuzasidan tergov boshlagan, qotillikda ikki kishi ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Ulardan biri qo‘lga olingan.

Semyon Skrepetskiy (asl ismi Robert Kuzovkov) Rossiyaning Oltoy o‘lkasidan bo‘lib, siyosiy karikaturalari bilan tanilgan edi. U asosan Putin karikaturalarini chizgan.

Shuningdek, u Lukashenko, Qodirov va Navalniy kabi shaxslarni ham hajviy tarzda tasvirlagan. U Ukraina hukumatini ham tanqid qilgan va Mirotvorets bazasiga kiritilgani haqida ma’lumotlar bor.

Skrepetskiy 2021-yildan beri Polshada yashab ijod qilib kelgan. So‘nggi aksiyalaridan biri 12-iyunda Berlinda bo‘lgan. U Rossiya kuni munosabati bilan o‘tkazilgan norozilik tadbirida qatnashib, qo‘lida Stalin va Putin tasvirlangan karikatura bilan piket qilgan.

Skrepetskiy “Rossiya-2028” kitobi muallifi bo‘lgan, YouTube’da satirik videoblog yuritgan va MC Screp taxallusi ostida musiqalar yaratgan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News