Toshkent viloyatida 5–8-asrlarga oid ibodatxona va jangchi sovuti topildi

Toshkent viloyatida 5–8-asrlarga oid ibodatxona va jangchi sovuti topildi
  • 0
  • 31.10.2025 13:44:00
  • 1 daq o'qish

Toshkent viloyatidagi Qanqa yodgorligida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida 5–8-asrlarga oid ibodatxona qoldiqlari va metalldan yasalgan jangchi sovutining bo‘laklari topildi.

Bu topilmalar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti olimlari tomonidan aniqlangan bo‘lib, ular mazkur hududni “Ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tayyorlash ishlarini boshlab yuborgan.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, topilgan buyumlar turkiy xalqlarning ilk davlatchilik va harbiy madaniyati, shuningdek, ibodat marosimlari haqida muhim tarixiy ma’lumot beradi. Ayniqsa, jangchi sovutining metal qismlari o‘sha davrda metall ishlov berish texnologiyasining yuqori darajada bo‘lganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, ibodatxonada topilgan g‘ishtlar, sopol idishlar va bezaklar diniy marosimlar o‘tkazilganligini, Qanqa o‘sha davrda mintaqaning yirik diniy va madaniy markazlaridan biri bo‘lganini tasdiqlaydi.

Arxeologlar hozirda topilmalarni tozalash va restavratsiya qilish ustida ishlamoqda. Qazilma joyi kelajakda sayyohlar uchun ochiq tarixiy majmua sifatida taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq, Qoraqalpog‘istonda 75 million yil avval yashagan dinozavr qoldiqlari, shuningdek, Shimoliy Nurota tog‘larida neolit davriga oid qoyatosh rasmlari topilgani e’lon qilingandi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News