
- 0
- 19.05.2026 12:32:00
- 1 daq o'qish
Toshkentdagi oliy ta’lim muassasalaridan birida tahsil olayotgan talaba yigit kursdosh qizga nisbatan noo‘rin, shahvoniy mazmundagi gap aytgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, voqea 13-may kuni universitet hududida sodir bo‘lgan. Yigit kursdosh qizga odob-axloqqa zid tarzda murojaat qilgan. Bu holatdan norozi bo‘lgan qiz Ichki ishlar organlarining 102 qisqa raqamiga murojaat qilib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Sud majlisida yigit o‘z aybini to‘liq tan olib, qilgan ishidan afsusda ekanini bildirgan va bu holat takrorlanmasligini aytib, yengillik so‘ragan. Sud qaroriga ko‘ra, u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari — 1 million 236 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan. Qonunchilikka ko‘ra, shahvoniy shilqimlik qilish — ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, nomaqbul imo-ishora, so‘z yoki harakatlar bilan ifodalangan xatti-harakatlar — jarima yoki ma’muriy qamoq bilan jazolanadi. Agar bunday holat bir yil ichida takrorlansa, jazo yanada kuchaytiriladi.